Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ebola virusi qo‘zg‘atadigan infeksiya jiddiy kasallik bo‘lib, ayniqsa Afrika qit’asida tez-tez uchraydi. Virus qon, najas, siydik, ter, so‘lak va boshqa biologik suyuqliklar orqali yuqishi mumkin.

Ebola infeksiyasini davolashning o‘ziga xos usuli mavjud emas, bemorlar simptomatik terapiya yordamida davolanadi.

Joriy yilda Afrikada 263 ta tasdiqlangan Ebola kasalligi qayd etilgan. Epidemiyaning asosiy o‘chog‘i Kongo Demokratik Respublikasi bo‘lib qolmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebolaning global pandemiyaga aylanish ehtimolini past deb baholamoqda.

«Ushbu kasallikning O‘zbekistonda tarqalish xavfi ham past deb hisoblanadi. Infeksiyaning mamlakatga olib kirilishining oldini olish uchun Qo‘mita mutaxassislari davlat chegarasi orqali kelayotgan fuqarolar ustidan tibbiy nazoratni amalga oshirmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda», deyiladi xabarda.

Sanepidqo‘mita fuqarolarga virus faol tarqalayotgan mamlakatlar va mintaqalarga sayohat qilishdan voz kechishni tavsiya qildi.

Ebola yuqtirgan odam yoki hayvonning biologik suyuqliklari bilan bevosita aloqada yuqadi. Shuning uchun quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilish tavsiya etiladi: yovvoyi hayvonlar bilan aloqadan qochish; ekzotik taomlardan voz kechish; kasallik alomatlari bo‘lgan odamlardan xavfsiz masofani saqlash; qo‘lni tez-tez sovun bilan yuvish; faqat shisha yoki qaynatilgan suv ichish; xavfli hududlardan qaytgach, 21 kun davomida sog‘liqni kuzatish; isitma, zaiflik, qusish yoki diareya paydo bo‘lganda shifokorga murojaat qilish; yuqori epidemiologik xavfli hududga tashrif buyurgan bo‘lsa, bu haqda shifokorga xabar berish.

Source: uznews.uz