Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-iyun kuni “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurib, qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi hamda kimyo sanoatini rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekiston sanoati o‘rtacha yillik 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida bu ko‘rsatkich 3 foizga ham yetmagan. Shu bilan birga, kimyo mahsulotlari importi yillik 4,5 mlrd dollarga yetgan.

Davlat rahbari mamlakatda ishlab chiqarilayotgan kimyo mahsulotlari ichki talabning hatto 60 foizini ham qoplamayotganini qayd etdi. Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan yetarlicha samarali foydalanilmayotgani, kimyo sanoatida bir nafar xodim hissasiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat boshqa mamlakatlarga nisbatan 2−3 barobar pastligi ta’kidlandi.

Prezident “O‘zkimyosanoat” davlat kompaniyasi faoliyatini tanqid qilib, u asosan tizimidagi yirik korxonalar bilan ishlashga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, tarmoqdagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoati korxonalari vakillari bilan sohada to‘planib qolgan muammolarni muhokama qilish uchun shaxsan uchrashishga qaror qilganini bildirdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekistonda har yili 1,5 mln tonna ammiakli selitra ishlab chiqariladi, buning uchun 1,07 mlrd kub metr tabiiy gaz sarflanadi. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar qishloq xo‘jaligida selitra iste’molini qisqartirib, karbamid va suvda eriydigan o‘g‘itlardan, konchilik sohasida esa g‘ovak selitradan foydalanishga o‘tmoqda.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, g‘ovak selitraning tannarxi ammiakli selitra bilan deyarli bir xil bo‘lsa-da, uning qo‘shilgan qiymati ikki baravar yuqori. Shu munosabat bilan mas’ullar va kimyo sanoati korxonalari rahbarlariga bunday yuqori samarali loyihalar sonini ko‘paytirish topshirildi.

Prezident misol sifatida “Navoiyazot” korxonasini keltirdi. Uning ta’kidlashicha, korxonada ishlab chiqarilayotgan sian tuzining 1 tonnasi 3700 dollarga sotilsa, undan yelim mahsuloti tayyorlanganda qiymat 8000 dollargacha oshadi. Shu munosabat bilan mas’ullarga “Navoiyazot” yaqinidagi klasterda umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan 10 ta kichik tonnajli kimyo loyihasini ishga tushirish topshirildi.

Alohida ravishda mineral xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Prezident geologiya sohasida mavjud resurslarni to‘liq ishga solish orqali qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida jami 550 mln tonna natriy va kaliy, shuningdek, 20 mln tonna bentonit zaxiralari mavjud. Ushbu xomashyoni qayta ishlab, kaustik soda ishlab chiqarish qo‘shilgan qiymatni uch baravargacha oshirishi mumkin.

Shuningdek, Jizzax viloyatida 1,5 mln tonna, Qoraqalpog‘istonda esa 500 ming tonna serpentinit zaxiralari aniqlangan. Uni sulfat kislota yordamida qayta ishlash orqali tonnasi 5 ming dollargacha bo‘lgan magniy oksidini olish mumkin.

Prezident serpentinitni chuqur qayta ishlash natijasida elektrotexnika sanoati uchun muhim bo‘lgan nikel, xrom va kobalt kabi mahsulotlar ham olish mumkinligini qayd etdi.

Yig‘ilishda mas’ullarga fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi kimyo sanoati uchun zarur xomashyo zaxiralarini ikki baravarga oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Source: www.gazeta.uz