Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Migratsiya agentligining komplayens xizmati bilan hamkorlikda fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq bir qator firibgarlik holatlarini aniqladi.
Departament hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda gumonlanuvchilar fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yoki agentlik xodimlari orqali xorijga yuborishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanida “I.A.” MCHJ rahbari S.B. 48 nafar fuqaroga Koreyadan ish topib berishni va’da qilib, jami 384 ming dollar so‘ragan va shundan 28,8 ming dollarini firibgarlik bilan olgan. Pullardan 5 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Qarshi shahrida S.B. ismli shaxs 2 nafar fuqarodan 21,5 million so‘m va 600 dollar, Kitob tumanida esa N.R. va R.Q. ismli shaxslar bir fuqarodan 6,6 ming dollar olgan.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida fuqaro S.A. 2 nafar shaxsni migratsiya agentligidagi tanishlari orqali chet elga yuborish evaziga 24 ming dollarni qo‘lga kiritgan.
Navoiy viloyatida fuqaro B.N. 3 nafar shaxsning ishonchiga kirib, ulardan jami 22,2 ming dollar pul olgan.
Farg‘ona viloyatida tumanda muqaddam sudlangan M.A. va uning sherigi Sh.T. 3 nafar fuqaroni 33 ming dollar evaziga Koreyaga yuborishni va’da qilib, 22 ming dollarini olgan. Puldan 1200 dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan. Farg‘ona shahrida esa M.F. 2 nafar fuqarodan xuddi shunday va’da bilan 6 ming dollar olgan, 200 dollarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Buxoro viloyati Jondor tumanida fuqaro K.Q. 3 nafar shaxsdan jami 19 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. 2 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Namangan viloyati Chortoq tumanida X.Sh. ismli shaxs 2 nafar fuqaroni Koreyaga yuborish va imtihonlardan o‘tkazib qo‘yish evaziga 19 ming dollar, Uchqo‘rg‘on tumanida esa B.K. bir fuqarodan 9 ming dollar olgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 25, 211-moddalari (Pora berishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Migratsiya agentligi va bandlik agentliklarining sobiq mutasaddilaridan iborat uyushgan guruh aniqlangan edi. Bir holatda gumonlanuvchilar Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy 90 million dollar pul olgan. Hozirda 800 dan ortiq jabrlanuvchi murojaati o‘rganilmoqda.
Shu xabarlar fonida Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Uning ismi “qizil bildirishnomalar” ro‘yxatida paydo bo‘ldi. Qidiruv kartochkasida ko‘rsatilishicha, Toshtemirov firibgarlikda ayblanmoqda.
Source: www.gazeta.uz