Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi Janubiy Surxon suv omborida 1-iyun kuni qayiq ag‘darilishi oqibatida bir fuqaro cho‘kib ketdi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa soat 17:30 atrofida sodir bo‘lgan.
“112” tizimi orqali kelib tushgan xabarga asosan, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borgan vaqtda suvga tushib ketgan besh nafar fuqaroning to‘rt nafari qirg‘oqqa suzib chiqqan. Bir nafar fuqaro esa suvdan chiqolmay, g‘arq bo‘lgan.
Hozirda FVB qutqaruvchilari tomonidan suv havzasida keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borilmoqda. Voqea joyida Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hodisa sabablarini o‘rganmoqda.
Source: www.gazeta.uz