Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida Armanistonning Shirak Avia aviakompaniyasining Yerevan — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysi kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar so‘nggi o‘n yilliklardan keyin yana yo‘lga qo‘yildi.

Aviakompaniyaning Yerevandan amalga oshirilgan ilk reysi bilan Toshkentga 127 nafar yo‘lovchi yetib keldi. Aviatsiya an’analariga muvofiq, samolyot suv arkasi ostida kutib olindi, ekipaj a’zolariga gullar topshirildi.

Shu kuni Toshkent xalqaro aeroportida Toshkent — Yerevan yo‘nalishidagi ilk reys yo‘lovchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish marosimi ham tashkil etildi. Armaniston poytaxtiga yo‘l olgan birinchi reys bilan 177 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Yangi yo‘nalish O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlarini bevosita bog‘lab, ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm, biznes aloqalari va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Parvozlar Boeing 737 rusumidagi samolyotlarda haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalish ochilguniga qadar O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasida qatnaydigan yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlardagi tranzit reyslardan foydalanishga majbur edi.

Avvalroq Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 2026-yil mayidan yo‘lga qo‘yilishi xabar berilgan edi.

Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasi 2017-yilda O‘zbekiston va Armaniston bosh vazirlari Abdulla Aripov hamda Karen Karapetyan o‘rtasidagi uchrashuvda ham muhokama qilingan edi.

Shirak Avia Yerevandagi Zvartnots xalqaro aeroportida joylashgan Armaniston aviakompaniyasi hisoblanadi. U 2019-yildan buyon ishlab kelmoqda va bir qator xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiradi. Uning aviaparki Boeing 737 turkumiga mansub samolyotlardan iborat.

Source: www.gazeta.uz