Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2-iyunda imzolangan farmonga ko‘ra, teatr va konsert-tomosha tashkilotchilariga davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda (Nukus va viloyat markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, bir tadbirda 1000 dan ortiq chipta sotilgan taqdirda, tashkilotchilarga sotilgan chiptalar qiymatining 20 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Davlat va nodavlat teatrlarga o‘z joyida sahnalashtirilgan spektakl uchun har bir chiptaga 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqib namoyish etilganda esa 20 ming so‘m subsidiya to‘lanadi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab nodavlat teatr va teatr-studiyalarning ayrim xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Shu maqsadda budjetdan qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratiladi.

Davlat madaniyat obyektlari bo‘sh vaqtlarida nodavlat teatrlarga ijara to‘lovisiz foydalanish uchun beriladi. Agar talabgorlar ikki yoki undan ko‘p bo‘lsa, tanlov o‘tkaziladi.

2026-yil 1-oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 ming oilaning bir nafar farzandi va nogiron bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucherlar beriladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab ijodiy birlashmalar tavsiyasi asosida davlat budjeti hisobidan ijodiy xarajatlar qoplanadi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjet teatr va konsert muassasalarida raqs jamoalari xodimlarining lavozim maoshlari tarif koeffitsiyentlari 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Raqqos va raqqosalarni imtiyozli pensiyaga chiqarishda 20 yillik stajning kamida 15 yili raqs faoliyatidan iborat bo‘lsa, qolgan 5 yil uchun baletmeysterlik davri inobatga olinadi.

Nogiron yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2026-yil 1-sentabrdan boshlab hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil etiladi. Buning uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan har yili 30 milliard so‘m ajratiladi.

Source: www.gazeta.uz