Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan ofis binosini E-auksion platformasi orqali sotuvga qo‘ydi. Obyekt “Mirzo Ulug‘bek” metro bekati yaqinida, “Bunyodkor” stadioni ro‘parasida, Bunyodkor shohko‘chasi, 23-uyda joylashgan.

Hozirda ushbu binoda “Issiqlik elektr stansiyalari” (IES) davlat kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qqiz qavatli bino va qo‘shimcha qurilishlarning ichki maydoni 7620 kv. metrni, atrofidagi yer maydoni bilan birga umumiy hudud 0,46 gektarni tashkil etadi.

Bino suv quvuri, kanalizatsiya va elektr tarmog‘i bilan ta’minlangan, ammo gaz ta’minoti mavjud emas. Boshlang‘ich narx 191,53 mlrd so‘m qilib belgilangan. Savdolar 2-iyul kuni soat 10:00 ga rejalashtirilgan.

Lot Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-martdagi davlat organlari binolarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga asosan sotuvga chiqarilgan. Obyekt sotilgandan so‘ng, balansda saqlovchi tashkilot binoni 3 yil ichida bo‘shatib berish majburiyatini oladi. Agar “Yangi Toshkent” shahridagi ma’muriy bino muddatidan oldin qurib bitkazilsa, obyekt xaridorga ertaroq topshirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hamkorbank Toshkent markazidagi Qurilish vazirligi binosini 196 mlrd so‘mga sotib olgan edi. Shuningdek, prezident farmoniga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonning 15 ta shahar va tumanidagi barcha davlat organlari bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chirila boshlanadi, bo‘shagan binolar esa tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi.

Source: www.gazeta.uz