O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 1-iyun kuni imzolangan “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan yoshlar va talabalarga biznes boshlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalar uchun 31 yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga 7 yilgacha muddatga, asosiy qarzdan 1 yilgacha va foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada beriladi.
Sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 million so‘mgacha, mol-mulk garovi asosida esa 300 million so‘mgacha mikroqarzlar ajratiladi. Kreditlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha beriladi: xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, innovatsion startaplar va boshqalar.
“Yoshlar biznesi” dasturining “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga 7 yilgacha muddatga, asosiy qarz to‘lovlaridan 2 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar beriladi.
“Aloqabank”ning yoshlarning innovatsion startap loyihalari uchun boshlang‘ich bosqichda 100 ming AQSh dollarigacha investitsiya kiritish taklifi ma’qullandi.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “Kelajak tadbirkori” loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha bo‘yicha 31 yoshgacha bo‘lgan oliy ta’lim bitiruvchilari va yoshlarga 2 milliard so‘mgacha, shuningdek, talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlariga 10 milliard so‘mgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 1 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Kredit shartlariga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti imtiyozli kredit olishiga sabab bo‘lgan ishsiz yosh bilan mehnat shartnomasi ikki yil davomida bekor qilinsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi. Istisno sifatida, bir oy muddatda boshqa ishsiz yosh ishga qabul qilingan holatlar ko‘rsatilgan. Ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmasligi nazarda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz