Yandex Uzbekistan kompaniyasi Yandex Lavka loyihasiga eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan omborchilarni jalb qilish imkoniyatini yaratdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar darkstorlarda buyurtmalarni yig‘ish va qadoqlash, yetkazib berilgan tovarlarni qabul qilish va joylashtirish, tovarlar mavjudligini nazorat qilish hamda omborda tartibni saqlash kabi vazifalarni bajaradi.
Loyiha Toshkentdagi “Sharoit Plyus” jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tashkilot nomzodlarni tanlash, suhbatlarga tayyorlash va moslashish davrida qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, imo-ishora tili tarjimonlarini taqdim etadi va jamoalar uchun treninglar o‘tkazadi.
O‘quv materiallari subtitrlar bilan to‘ldirilgan, darkstor jamoalari uchun esa nogironlar bilan muloqot bo‘yicha yo‘riqnomalar tayyorlangan. Ariza topshirish uchun 18 yoshdan oshgan, to‘liq kun ishlashga tayyor va yozma ma’lumotlarni o‘qiy oladigan erkak va ayollar mumkin.
Prezidentning ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mansurbek Olloyorov inklyuziv muhitni rivojlantirishda tizimli yondashuv muhimligini ta’kidladi. U “Sharoit Plyus” ishtirokini muhim deb baholadi.
Yandex Uzbekistan avvalroq Yandex Go, Alisa AI, Pochta, Brauzer, Yandex Music va Yandex Books kabi servislarida ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun funksiyalarni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan ijtimoiy taksi loyihasi rivojlantirilmoqda, 700 ga yaqin kar va zaif eshituvchi haydovchi hamkorlik qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz