Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Gonkong maxsus ma’muriy rayoni rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro vizasiz rejim joriy etish masalasini muhokama qildilar.
Muzokaralarning asosiy natijasi o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risida hukumatlararo bitim tuzish niyati haqida verbal notalar almashinuvi bo‘ldi. Vizasiz rejim biznes aloqalari, turizm va gumanitar hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Gonkong delegatsiyasining tashrifi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, Gonkong bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muzokaralarda investitsiyalar, moliya, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Gonkongning jahon moliya markazlaridan biri sifatidagi tajribasi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga muhim hissa qo‘shishi mumkinligi qayd etildi.
Alohida e’tibor mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va tadbirkorlik doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Gonkong va Toshkent o‘rtasida yangi aviaqatnov ochish ustida ishlamoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov ma’lum qildi.
Source: podrobno.uz