Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat aktivlari agentligi ma'lumotiga ko‘ra, MobiUz mobil operatorining 100 foiz davlat ulushi AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va texnologik hamkor JVR Enterprises LLC ishtirokidagi konsorsiumga 351 mln dollarga sotildi.

Xususiylashtirish jarayonida xalqaro investitsiya banki Rothschild & Co strategik maslahatchi, KPMG moliyaviy maslahatchi, Deloitte esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan. Savdo jarayoni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilingan bo‘lib, maslahatchilarning global ofislari orqali 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investor bilan individual muzokaralar o‘tkazilgan.

Bitim haqidagi ma’lumotlar Bloomberg va Financial Times kabi xalqaro nashrlarda yoritilgan hamda investorlar uchun xalqaro road-show tadbirlari tashkil etilgan. Natijada AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqasidan 15 dan ortiq investor jarayonda qatnashgan. Ularning 10 nafari dastlabki narx takliflarini taqdim etgan.

Potensial xaridorlarga xalqaro standartlar asosida tayyorlangan moliyaviy va huquqiy tahlillar (due diligence) taqdim etilgan. Shundan so‘ng olti nafar ishtirokchidan MobiUzni sotib olish bo‘yicha majburiy kuchga ega yakuniy takliflar (Binding Offer) qabul qilingan. Davlat aktivlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, davlat uchun eng yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish maqsadida yakuniy bosqichda ishtirokchilarga narx takliflarini yaxshilash imkoniyati ham berilgan.

Savdolar yakunida AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium g‘olib deb topildi. Konsorsium taklifiga ko‘ra, MobiUz qiymati 351 mln dollar etib baholangan. Bundan tashqari, kompaniya telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun 500 mln dollargacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Agentlik bitim samaradorligini ko‘rsatuvchi EV/EBITDA multiplikatori 7,4x ni tashkil etganini qayd etdi. Bu ko‘rsatkich qiyosiy bitimlarga nisbatan kompaniyaning raqobatbardosh baholanganini hamda mustaqil baholovchi aniqlagan qiymatdan sezilarli darajada yuqoriligini ko‘rsatadi.

Bitim kuchga kirishi uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatnomalarini olish, shuningdek, belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni yakunlash talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Universal Mobile Systems 2014-yilda Rossiyaning MTS (50,01%) va Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi (49,99%) o‘rtasida qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan edi. 2016-yilda MTS ulushini sotgan, 2018-yildan esa operatorning 100% egasi “Raqamli ishonch” jamg‘armasiga o‘tgan. 2019-yilda UMS rebrending o‘tkazib, Mobiuz nomini olgan.

Source: www.gazeta.uz