O‘zbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari masofadan turib robotik jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Tibbiyot novatorlari” yangi media loyihasi doirasida bu haqda ma’lum qildi. Loyiha ilg‘or tajriba, innovatsion yondashuvlar va zamonaviy texnologiyalar haqida hikoya qiladi.
Tadbir Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib o‘tgan “Robotik jarrohlik haftaligi – 2026” xalqaro konferensiyasi doirasida tashkil etildi.
Yosh jarroh Abdirashid Abdukarimov O‘zbekistonda davolanayotgan uch nafar bemorga masofadan turib operatsiya o‘tkazdi. Noyob amaliyotlar 5 ming kilometr uzoqlikdan bajarildi.
Robotik jarrohlik shifokorga yuqori aniqlikdagi manipulyatsiyalarni amalga oshirish, bemor uchun shikastlanishni kamaytirish va tezroq tiklanishni ta’minlash imkonini beradi.
“Masofaviy robotik jarrohlik nafaqat tibbiyotdagi ilmiy yutuq, balki bemorlar uchun katta imkoniyatdir. Bunday operatsiyalar dunyoning bir necha mamlakatlarida o‘tkaziladi”, — deya ta’kidladi vazirlik matbuot xizmati.
Source: kun.uz