Prezident farmoni bilan QQSga o‘tish chegarasi deyarli 5 milliard so‘mga ko‘tarilib, savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalari uchun soddalashtirilgan QQS shakli joriy etildi. Shu munosabat bilan Savdo-sanoat palatasi “Biznes uchun yangi imkoniyatlar” forumini o‘tkazdi, unda 400 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.
Farmonga kiritilgan takliflar Savdo-sanoat palatasi va Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoat kengashi tomonidan ilgari surilgan. Kengash a’zosi, soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning ta’kidlashicha, QQS chegarasining 1 milliarddan 5 milliard so‘mga ko‘tarilishi biznesni “oq” ishlashga undaydi.
“Biznes qo‘rqmasdan ‘oq’ ishlay oladi, chunki chegara 5 milliardga ko‘tarildi. Bu byudjet tushumlarining besh barobar o‘sishiga olib kelishi mumkin. Ilgari o‘z biznesini cheklagan tadbirkor endi 5 milliardgacha kengayishi mumkin. Yana bir qadam – 6 foizlik soddalashtirilgan QQS mexanizmi. 4 foiz to‘lagan tadbirkor 1 milliarddan oshganda 12 foizga o‘tishi kerak edi, endi 5 milliardgacha 4 foizda qolishi mumkin. 5 milliarddan keyin esa 12 emas, 6 foizga o‘tish huquqiga ega. Bu soliq yukini keskin oshirmasdan bosqichma-bosqich kengayish imkonini beradi”, dedi u.
Muhammadjonov, shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida xodimlar mehnatini qonuniylashtirish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidladi. “Kafe va restoranlarda xodim bir hafta ishlab ketishi mumkin. Ilgari ular bilan mehnat shartnomasi tuzish qiyin edi. Endi soddalashtirilgan mehnat shartnomasi mexanizmi mehnat munosabatlarini tartibga solishda katta rol o‘ynaydi”, dedi ekspert.
Forumda biznes-ombudsman Abdumannop Buriyev tadbirkorlarning muammolari o‘zgarganini qayd etdi: “2015-2016 yillarda tadbirkorlar asosan mulk huquqini himoya qilish, noqonuniy tekshirishlar haqida murojaat qilishgan. Endi asosiy masalalar – biznesni rivojlantirish, kredit olish. Bu juda yaxshi tendensiya”.
Kun.uz muxbiri forumda bir qancha tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. “Farovon Khiva” mehmonxonasi rahbari Lola Mirzayeva: “Restoran va mehmonxona biznesida xodimlar tez-tez almashadi. Ilgari muammo bor edi, endi yo‘q. QQS imkoniyatlari ham juda yaxshi bo‘ldi”. “Layner” mehmonxonasi rahbari Xojiakbar Sobirov: “200 ga yaqin xodimimiz bor. Yangiliklar juda qulay. QQS stavkasining pasayishi, hisobning soddalashuvi, foyda solig‘ining nol stavkasi – bularning barchasi yordam beradi”. Xorazmlik tadbirkor Sarvar Bekchanov: “Mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohasida 12 foizlik QQS noqulaylik tug‘dirgan. Bu o‘zgarishlarni katta strategik rag‘bat deb qabul qilamiz. Soliq yukining yengillashishi hisobiga biznes ixtiyorida qoladigan mablag‘larni investitsiyalarga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi”.
Source: kun.uz