4-iyun kuni soat 12:41 dan boshlab Toshkent shahrining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. O‘zbekiston Energetika vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, bunga Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi (ToshIES) transformatorning nosozligi sabab bo‘lgan.
Ushbu uzilish Mirobod, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Yashnobod va Olmazor tumanlarida kuzatildi. Vazirlikning xabar berishicha, nosozlik soat 13:01 da bartaraf etilgan, shundan so‘ng elektr energiyasini yetkazib berish bosqichma-bosqich tiklana boshlagan. Soat 13:22 ga kelib elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Aholi xabarlariga ko‘ra, ayrim hududlarda elektr energiyasi bilan birga issiq suv, ba’zi joylarda esa sovuq suv ham bo‘lmagan. Alohida chorrahalarda svetoforlar ishlamagani sababli tirbandliklar yuzaga kelgan.
Soat 13:14 da “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” vakili Gazeta’ga ma’lum qilishicha, uzilish qisqa muddatli bo‘lib, quvvat tanqisligi, yong‘in yoki boshqa jiddiy avariya bilan bog‘liq emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent IESning ikkita yirik transformatorida himoya tizimi ishga tushgan.
U uzilishlar poytaxt bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent viloyatining ayrim hududlariga ham ta’sir qilganini qayd etdi.
Toshkent metropolitenida elektr ta’minotidagi uzilish O‘zbekiston, Chilonzor va Yunusobod yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatdi. Metro ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bu holat poyezdlar harakati jadvaliga ta’sir o‘tkazgan.
Metro bekatlaridan olingan fotosurat va videolarda yoritish qisman ishlayotgani yoki ishlamayotganini, poyezdlar esa harakatlanayotganini ko‘rish mumkin. Metropoliten zaxira kanallari va generatorlar ishga tushirilganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz