Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Xitoyda ishlab chiqarilgan ba’zi bolalar o‘yinchoqlari xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangan. Shu munosabat bilan mahsulotni sotishni to‘xtatish va olib qo‘yish choralari ko‘rilgan.
Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tekshiruv o‘tkazib, laboratoriya sinovlari uchun bolalar o‘yinchoqlari namunalarini olishgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ba’zi o‘yinchoqlarda o‘tkir hid borligi, himoya qoplamasi namlikka chidamsizligi, mayda detallar ishonchsiz mahkamlanganligi, buyumlar mexanik ta’sirlarga bardosh bermasligi va ulardagi formaldegid miqdori belgilangan me’yordan oshib ketganligi aniqlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, formaldegid bolalarning nafas yo‘llari, ko‘zlari va terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik reaksiyalarni kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, oson ajralib chiqadigan mayda detallar bolalar tomonidan yutilishi yoki jarohatlanishiga olib kelishi mumkin.
Shu asosda savdo ob’ektlariga ogohlantirish xatlari yuborilib, ushbu mahsulotlarni sotishdan olib qo‘yish choralari ko‘rilgan.
Source: kun.uz