Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

500 kV quvvatga ega bo‘lgan “Surxon — Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i qurilishini 2027-yilning avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov 4-iyun kuni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Vazirlik vakili O‘zbekiston va Afg‘onistonning energetika sohasidagi hamkorligi haqida gapirar ekan, O‘zbekiston tomoni qo‘shni davlatga elektr energiyasi yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Afg‘onistondagi elektr energiyasi iste’molining 80 foizi O‘zbekiston tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulot hisobiga qoplanadi.

“[Elektr uzatish tarmog‘ining qurilishi] Afg‘onistonda yangi quvvatlar va yangi sanoat obyektlarini yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi”, — deya qo‘shimcha qildi Shohrux G‘ulomov.

Qiymati 200 mln dollardan ortiq va uzunligi 260 km bo‘lgan yangi elektr uzatish tarmog‘i O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 70 foizga — yiliga 6 milliard kVt/soatgacha oshirish imkonini beradi. O‘zbekiston hududida tarmoq qurilishi 2019-yilda boshlangan edi, biroq Afg‘onistonda hokimiyat almashgani sababli loyiha to‘xtab qolgan va faqat 2025-yilning avgustidagina qayta tiklandi.

Source: www.gazeta.uz