Adliya vazirligi 2-iyun kuni “Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ushbu hujjat bilan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda xorijiy til bo‘yicha B1 sertifikatiga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball berilishi belgilandi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, ingliz tilidan beriladigan TOEFL iBT sertifikatining muvofiqlik darajasi endi 1−6 ballik tizim bo‘yicha aniqlanadi. Bu avvalgi tizimga nisbatan aniqroq baholash imkonini beradi.
Pedagog xodimlarga ustama to‘lashda ingliz tilidan beriladigan TKT, TESOL, TEFL va TESL sertifikatlarining amal qilish muddati hisobga olinadi. Kasbiy ta’lim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni o‘qitganligi uchun milliy va xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun 50 foiz, C1 sertifikati uchun 100 foiz miqdorda har oylik ustamalar olish huquqiga ega.
O‘qituvchilarga Digital SAT sertifikatining matematika bo‘limidan 750 va undan yuqori ball olgan taqdirda ham ustama belgilanadi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari o‘qituvchilariga B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatlar uchun ustama beriladi.
Source: www.gazeta.uz