Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Saydullo Azimov 3-iyun kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirokidagi yig‘ilishda Andijonga qatnaydigan “O‘zbekiston” poyezdining VIP vagonidagi servis sifati muammosini ko‘tardi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, birinchi va eng katta muammo vagondagi issiqlik bilan bog‘liq. U lokomotivni ertaroq qo‘yish imkoni yo‘qligi sababli vagon ichi haddan tashqari isib ketishini ta’kidladi. “Hozir issiq kunlarda odamlar yelpinib, nafasi qaytib o‘tiribdi”, dedi u.
Ikkinchi muammo sifatida VIP vagon chiptasi narxiga qaysi xizmatlar kiritilgani haqida ma’lumot yo‘qligini ko‘rsatdi. “Afrosiyobda yegulik, kofe, suv beriladi. Bu yerda esa nima berilishi kerakligi haqida ma’lumot yo‘q”, dedi deputat.
Deputatning ta’kidlashicha, vagonda konditsioner ishlamaydi, kreslolar buzuq va tuzatilmagan, suv esa zo‘rg‘a olinadi va yozda issiq bo‘ladi. U bir yil avval ham ushbu muammo bo‘yicha so‘rov yuborgan, ammo umumiy javob olgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov muammolarni hal qilish uchun qo‘shimcha hujjatlar yoki moliyalashtirish talab etilmasligini bildirdi. “Bu qisqa muddatda bartaraf etish mumkin bo‘lgan masala va bu albatta amalga oshiriladi”, dedi vazir. U ishlar shu haftaning o‘zida boshlanishini va shaxsan nazoratga olishini aytdi.
Source: www.gazeta.uz