O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga yetib keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarini “Pulkovo” xalqaro aeroportida Rossiya hukumati raisi birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 4-iyun kuni O‘zbekiston yetakchisining Vladimir Putin bilan uchrashuvi rejalashtirilgan. Shu kuni mamlakatimizda barpo etiladigan birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi reaktori qurilishini boshlash marosimida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
5-iyun kuni esa Shavkat Mirziyoyev 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasidagi asosiy tadbirlarda qatnashadi.
Source: www.gazeta.uz