Namanganda uzoq vaqt qidiruvda bo‘lgan Lacetti avtomobili topildi. U 376 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi va 330 million so‘mdan ortiq qarzi bilan aniqlangan.
Majburiy ijro byurosi (MIB) matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jarimalarning katta qismi belgilangan muddatlarda to‘lanmagan, natijada ijro ishlari qo‘zg‘atilgan. Shunga qaramay, avtomobil uzoq vaqt davomida topilmagan.
Qidiruv tadbirlari natijasida avtomobil topilgan, ammo uning holati ayanchli bo‘lib, avvalroq yo‘l-transport hodisasiga uchragan va deyarli foydalanishga yaroqsiz holga kelgan.
Hozirda undirish jarayonlari boshlangan. Avtomobilni auksionga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
MIB ta’kidlashicha, jarimalarni o‘z vaqtida to‘lash va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish nafaqat qonun talabi, balki haydovchi xavfsizligi va uning mulkini saqlash kafolatidir.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda MIB qarzdorlarga tegishli 15 206 ta transport vositasini savdoga chiqargan. Mulkning umumiy baholangan qiymati 2,1 trillion so‘mdan oshgan.
Source: podrobno.uz