O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim, tarjimon va jamoat arbobi Ibrohim G‘afurov 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Ibrohim G‘afurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. 1956−1961-yillarda hozirgi O‘zMUning filologiya fakultetida tahsil olgan. Uzoq yillar davomida nashriyot va matbuot sohasida faoliyat yuritgan: 1961−1982-yillarda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrirdan bosh muharrir o‘rinbosarigacha ko‘tarilgan, 1982−1995-yillarda esa “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lgan.
Ibrohim G‘afurov siyosiy faoliyati bilan ham tanilgan. U 1995-yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini tashkil etish tashabbuskori bo‘lib, partiya raisi va “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan (2006-yilgacha). 1997−2005-yillarda Oliy Majlis deputati, matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Olimning adabiy merosi boy va rang-barang. U “Go‘zallikning olmos qirralari”, “Unitilmagan bog‘”, “Joziba”, “Yonar so‘z”, “Yam-yashil daraxt”, “Yurak — alanga”, “Lirikaning yuragi”, “She’riyat — izlanish demak”, “O‘ttiz yil izhori”, “Til erkinligi” kabi o‘nlab kitoblar muallifi. Shuningdek, “Darvoza”, “Humo qushim”, “Qaldirg‘ochim” kabi she’riy nasr namunalari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan.
Ibrohim G‘afurov jahon adabiyotining durdona asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning tarjimalari orasida Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Iblislar”, “Aka-uka Karamazovlar”; Gi de Mopassanning “Azizim”; Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz”; Chingiz Aytmatovning “Qiyomat”, “Chingizxonning oq buluti”; Valentin Rasputinning “Yong‘in”; Gabriel Garsiya Markesning “Buzrukning kuzi”; Jeyms Joysning “Uliss” kabi asarlari bor.
G‘afurov filologiya fanlari nomzodi (1973), O‘zbekiston yoshlari mukofoti (1989) laureati, “Do‘stlik” (1995) va “Mehnat shuhrati” (2007) ordenlari sohibi. 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni, 2021-yilda esa O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Ibrohim G‘afurovning turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etgan edi.
Source: www.gazeta.uz