Surxondaryo viloyatida bir fuqaro tanishiga Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ishga joylashtirishni va'da qilib, undan 4000 dollar talab qilgan.
Bosh prokuratura ma'lumotlariga ko'ra, fuqaro boshqa bir erkakning ishonchiga kirib, yuqori lavozimli tanishlari orqali uni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ishga joylashtirishni va'da qilgan. Ushbu "xizmat" uchun u 4000 dollar so'ragan.
Erkak kelishilgan summaning 48 million so'mini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Ushbu fakt bo'yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq o'nlab o'zbekistonliklar Janubiy Koreyada mavjud bo'lmagan ish uchun minglab dollar to'lagan edi. O'shanda bir kompaniya rahbari qariyb 50 nafar fuqaroga ish bilan ta'minlashni va'da qilib, ulardan 28 ming dollardan ortiq pul olgan edi.
Source: podrobno.uz