Ushbu sharh “O‘zgidromet”ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas. Sharh ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar va hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi.
Haftaning ish kunlari O‘zbekistonda harorat me’yorga yaqin yoki biroz pastroq bo‘lib, kunduzlari +32…+37 daraja atrofida saqlanadi. Dam olish kunlariga kelib esa janubdan issiq havo oqimi kirib kelishi hisobiga qisqa muddatli jazirama kuzatilishi mumkin. Tog‘ va vodiy hududlarida ayrim kunlari jala yomg‘irlari va sel xavfi saqlanib turadi.
Umuman olganda, hafta haroratini Qozog‘iston g‘arbi va shimolidan o‘tayotgan siklon, keyinroq Kaspiy dengizi ustidan mintaqaga kirib kelishi kutilayotgan antitsiklon va dam olish kunlaridagi jazirama issiq havo belgilab beradi.
Ish kunlari siklonik va antitsiklonik ta’sir sababli joylarda besh kunlik harorat o‘tmishdagi iyunning ikkinchi haftalariga nisbatan biroz salqinroq o‘tishi oydinlashmoqda. Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlarida ham haftaning ish kunlarida o‘rtacha besh kunlik harorat qiymati respublikada me’yoriy va ko‘plab hududlarda me’yordan 1−2 daraja past o‘tishi keltirilgan.
O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, dushanba kuni ko‘plab hududlarda harorat maksimumi +37 daraja, janubda +39 daraja issiq bo‘ladi. Seshanba kuni esa joylarda haroratning biroz pasayishi ro‘y berib, +35 dan +37 daraja issiqlik oralig‘ida o‘zgaradi. Payshanba-juma kunlari yana harorat dushanba kunidagi kabi issiqlikka qaytadi.
Shanba-yakshanba kunlari respublikaga kichik muddatli jazirama qaytib, janubda harorat maksimumlari +42 darajaga, boshqa joylarda +39 darajagacha issiq kutiladi. Tungi harorat qiymatlari ham +17 darajadan +25 darajacha o‘zgarib turadi. Tog‘larda tunda harorat minimumlari +12 daraja, kunduzlari +27 darajaga yetadi.
Yog‘ingarchilik kesimida haftaning ish kunlari tog‘larda deyarli har kuni qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar kuzatilishi, seshanbadan juma kuniga qadar vodiy viloyatlari ayrim hududlarida ham qisqa yoz yomg‘irlari yog‘ib o‘tishi taxmin qilingan. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutilmasligi keltirilgan. Dam olish kunlari esa respublikaning deyarli barcha qismida yog‘ingarchilik bo‘lmasligi ma’lum qilingan.
Quyidagi xorijiy ob-havo prognoz modellaridagi haftalik yog‘ingarchilik prognoz xaritasida ham hafta davomida yog‘inlar asosan tog‘, Toshkent va vodiy viloyatlarida yog‘ishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradosh tog‘oldi hududlarida ayrim kunlari qisqa vaqtda ko‘p miqdorda yog‘in tushishi ehtimoli saqlanmoqda. Bu esa mahalliy sel oqimlari yuzaga kelish xavfini oshiradi.
Shimol, tekislik hududlarida hafta davomida kuchli shamollar bo‘lishi, ayrim muddatlarda changli havo bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, joriy hafta respublika bo‘ylab ko‘p yillik mos davrga nisbatan me’yoriy qiymatlarga yaqin biroz salqin hafta bo‘lishi oydinlashmoqda. Yog‘ingarchilik kesimida shimol va Qizilqum cho‘llarida kamida bir oqimdan kutilayotgan yog‘in sababli me’yordan ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Shunday qilib, joriy hafta o‘rtalari vodiy va tog‘li hududlarda do‘l va sel hodisalari, cho‘llarda esa kuchli shamollar bo‘lishi kutilmoqda.
Joriy haftalik ob-havo sharoiti kishilar salomatligiga u qadar katta ta’sir o‘tkazmaydi. Cho‘llarda seshanba, boshqa hududlarda esa chorshanba-payshanba kunlari havo oqimlarining joy almashinuv jarayonida atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq “barik tubsizlik” hodisasining kuchsiz ko‘rinishi kuzatilishi mumkin. Ammo bu salomatlikka jiddiy xavf tug‘diruvchi ob-havo o‘zgaruvchisi emas. Atmosfera bosimining keskin o‘zgarishiga moyil kishilar o‘z salomatligida o‘zgarishlar sezsa, avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq.
Dushanba va dam olish kunlari ayrim hududlarda ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 ballik shkalada 10−11 ballgacha yetishi mumkin. Bu yuqori daraja hisoblanadi. Bunday paytda ochiq havoda kamroq harakatlanish, harakatlanganda ham ko‘zoynaklar taqib yurish tavsiya etiladi.
Bioiqlimiy sharoitlar. Bu hafta dam olish kunlaridagi jazirama asosan kunduzi aholi fiziologiyasiga ta’sir etadi. Tungi haroratlar nisbatan qulay bo‘lgani uchun organizmning tiklanish imkoniyati saqlanib qoladi. Bu vaqtda shamol omili katta rol o‘ynab, sezilar-sezilmas tungi shabadalar badanni sovitib turish kuchiga ega.
Haftaning ish kunlari kunduzgi muddatlarda kishilar biroz qulay bo‘lmagan issiqlikni his etadi. Shunga qaramay, haftaning ish kunlari aholi sutkaning ko‘proq muddatlarida qulay bioiqlimiy sharoit ta’sirida bo‘ladi.
Kosmik ta’sirlar. O‘tgan yakshanba va dushanba tongida Quyosh sirtidagi dog‘larda M yoki X sinf kuchli chaqnashlar kuzatilmadi. Ammo shanba kunidagi Quyosh dog‘laridagi tinimsiz qo‘zg‘alishlardan ajralgan plazmaning Yer ionosferasiga yetib kelish xavfi mavjud. Shuning uchun sayyorada hafta boshlarida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bilan bog‘liq prognozlar yangramoqda.
Rossiyaning Quyosh astronomiya laboratoriyasi ham shuning uchun haftaning boshlari, ya’ni dushanba va seshanba kunlari uchun 5−7 balli “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlariga e’tibor qaratgan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiqdir.
O‘zgidromet sinoptiklari haftaning dushanba, seshanba va payshanba kunlari uchun cho‘l hududlarida nam havo oqimlari kirib kelish oldi kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratmoqda. Bunday paytda ayrim hududlarda qisqa muddat bo‘lsa ham havoga chang ko‘tarilishi va havoning biroz yomonlashuvi kutiladi.
Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 8−14-iyun kunlari O‘zbekistonda asosan qulay yozgi ob-havo kuzatiladi. Hafta ish kunlari nisbatan salqinroq o‘tishi, dam olish kunlarida esa qisqa muddatli jazirama qaytishi kutilmoqda. Tog‘ va vodiy hududlarida jala yomg‘ir hamda sel xavfi, cho‘l hududlarida esa kuchli shamol va qisqa muddatli changli havo asosiy e’tibor talab qiluvchi ob-havo hodisalari bo‘lib qolmoqda.
Source: www.gazeta.uz