Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimi voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlar sodir etgani haqida ma’lumot tarqaldi.
Andijon viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumanida 15 yoshli U.Ya.ning 3 iyun kuni uydan noma’lum tomonga ketib, qaytib kelmagani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, viloyat IIB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazining inspektor-ijtimoiy xodimi S.B. U.Ya.ni Andijondagi ko‘p qavatli uylardan biriga olib borib, u bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.
Shu fakt bo‘yicha 4 iyun kuni S.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “v” bandi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lish, jabrlanuvchining tarbiyasi, o‘qitilishi va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajaruvchi shaxs, shuningdek qonunda jabrlanuvchini nazorat qilish majburiyati yuklangan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasa xodimi tomonidan sodir etilgan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaning sanksiyasi sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov borishi Andijon viloyati prokuraturasi nazoratida.
Yana bir holat Surxondaryo viloyatining Denov tumanida sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi Denov tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sobiq inspektor-psixologi A.R. hisoblanadi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lish), 129-moddasi 3-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan buzuq harakatlar) va 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Source: uznews.uz