Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.
Elmurod Ro‘ziboyevich Ismoilov hokim o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. U 1987-yilda Asaka tumanida tug‘ilgan, 2014-yilda Andijon qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Ismoilov ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati hokimligi investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri vazifasida faoliyat olib borgan. Mazkur lavozimda bungacha Ilhom Sobirov ishlab kelayotgandi.
Abdusattor Xalimjonovich Otabayev hokimning jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U 1976-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, 1998-yilda Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Otabayev 51411-sonli harbiy qismi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi vazifasida faoliyat olib borgan.
Avvalroq Gazeta Andijon viloyati prokuraturasi viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atganini xabar qilgandi. Vaqt o‘tib DXX uning 50 ming dollar olayotgan vaqtda gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinishi aks etgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda amaldor pullarni sanayotgani, so‘ngra dollar kupyuralarini topshirgan shaxsga: “Bu qarz deyiladi. Shunaqa narsasi bor, bilasiz-a?” — deb aytgani ko‘rinadi.
Source: www.gazeta.uz