Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent va Xorazm viloyatida giyohvand moddalarni yetishtirish va tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi.

Mirzo-Ulug‘bek tumanida avval sudlangan 1996 yilda tug‘ilgan fuqaroning vaqtinchalik turar joyi tekshirilgan. Tekshiruv davomida plastik idishda saqlanayotgan giyohvand modda, 300 ta zip-paket, izolenta va elektron tarozi topilgan.

Dastlabki tergovda ma’lum bo‘lishicha, ayni shu fuqaro Toshkent tumanidagi onasining uyida giyohvand modda saqlovchi o‘simliklarni yetishtirgan. Hovlini ko‘zdan kechirishda 10 tup nasha o‘simligi, bir tup quritilgan giyohvand modda, shuningdek, o‘simliklarni parvarish qilish uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar va elektron tarozi olib qo‘yilgan.

Boshqa bir holatda, To‘raqo‘rg‘on tumani hududida DXX va IIB xodimlari Samarqand – Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomobilini to‘xtatib, tekshirgan. Avtomobilda Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan yo‘lovchiga tegishli 810 gramm afyun topilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, ushbu giyohvand modda qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan va Xorazm viloyati hududida sotish maqsadida tashilgan. Hozirda ushbu jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Ikkala fakt bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: kun.uz