Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyatining Nurota tumanida Tico va Sinotruk rusumli yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB xabar bermoqda.

Hodisa 3-iyun kuni soat 08:30 lar atrofida Nurota tumani Tinchlik mahallasi hududidan o‘tuvchi D-191 Qizilqum halqa yo‘lining 86-kilometrida sodir bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tico haydovchisi ikkinchi darajali yo‘ldan harakatlanib kelib, asosiy yo‘lda harakatlanayotgan Sinotruk yuk mashinasiga yo‘l bermasdan chiqqan. Oqibatda yengil avtomobil yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida Tico haydovchisi tan jarohatlari olgan. U tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

Hodisadan so‘ng mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, yo‘l harakati xavfsizligi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sayyor qabulda fuqarolar tomonidan yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bildirilgan takliflarni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Uzun tumanida Damas va Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan edi. Avtomobillarni haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan 17 va 20 yoshli shaxslar boshqargan. Qolgan ishtirokchilar turli darajada jarohat olgan.

Source: www.gazeta.uz