Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida uchta avtogaz to‘ldirish kompressor stansiyasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy zarar 5,6 milliard so‘mdan oshgan.
Bosh prokuratura shtabi tomonidan Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida birinchi AGNKSda hisoblagich ishiga aralashish holati fosh etilgan. Natijada 1 milliard 908 million so‘mlik gaz noqonuniy ishlatilgan.
Xuddi shu tumandagi boshqa bir yoqilg‘i quyish shoxobchasida ham shunga o‘xshash qoidabuzarlik aniqlangan. Bu yerda noqonuniy ishlatilgan gaz miqdori 1 milliard 898 million so‘mni tashkil etgan.
Bekobod tumanida yana bir holat qayd etilgan. Metan yoqilg‘isi quyish shoxobchasida hisobga olish uskunasining plombalariga aralashilgani aniqlangan. Zarar hajmi 1 milliard 876 million so‘mga baholanmoqda.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tekshiruvlar olib borilmoqda, holatlar aniqlanmoqda va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarga O‘zbekistonda yangi metan yoqilg‘isi quyish shoxobchalarini qurmaslik tavsiya etilgan edi.
Source: podrobno.uz