Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston, Latviya va Rossiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Ular orasida 17 yoshli qiz, Latviyada insult o‘tkazgan erkak va Rossiyada nochor ahvolga tushgan fuqaro bor.
17 yoshli qiz Rossiyaga Qozog‘iston orqali avtotransportda yo‘l olgan vaqtda Atirau viloyatida yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Natijada u og‘ir jarohatlar olib, beshinchi bo‘yin umurtqasi singan va orqa miya faoliyati buzilgan. U ikki marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan intensiv terapiya nazorati ostida vatanga olib kelingan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Latviyaga mustaqil ravishda ishlash uchun ketgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi esa kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlanmagan va kuchli ruhiy bosim ostida insult o‘tkazgan. Davolanishdan so‘ng shifokorlar nazoratida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Rossiyada qiyin ahvolga tushgan uchinchi fuqaro haqida batafsil ma’lumot berilmagan, biroq u Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlari kuzatuvida vatanga olib kelingan.
Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijga ishlash uchun faqat xavfsiz, qonuniy va kafolatlangan yo‘llar orqali borishga chaqirgan. Idora xorijda og‘ir ahvolga tushgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirishini ma’lum qilgan.
Source: www.gazeta.uz