Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda 2026−2030-yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekko‘mir” va “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.

Ushbu loyihalar besh asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta’minlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar 15 foizga kamayishi mumkin. Keyinchalik ushbu yechimlarni patentlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tog‘-kon sanoati va geologiyada xaritalar, qidiruv natijalari, burg‘ilash ma’lumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari kabi juda katta hajmdagi ma’lumotlar shakllanadi. Ta’kidlanishicha, ularni yagona elektron bazaga jamlash, tezkor qidirish va 3D modellar orqali tahlil qilish yangi konlarni aniqlash imkoniyatini oshiradi. Buning natijasida tannarxni 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni ochish muddatini 2 karra qisqartirish, investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini 4 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish zarur, deyiladi xabarda. Shu munosabat bilan Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish taklif qilindi. Mazkur jarayonda “Texnologik transformatsiya markazi” tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobotlar va birlamchi ma’lumotlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi. Natijada geologik ma’lumotlarni shakllantirish, konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni 2 karra tezlashadi.

Mutasaddilarga tog‘-kon sanoati korxonalari biznes-rejalarini tuzishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni kiritish, texnologik va sun’iy intellekt loyihalari bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish topshirildi.

Source: www.gazeta.uz