Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimidagi yirik korrupsion sxema va mas’ul xodimlarning noqonuniy faoliyatini fosh etdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlarida aniqlanishicha, agentlik xodimlaridan iborat guruh tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni import qilishda rasmiylashtiriladigan hujjatlar uchun norasmiy stavkalar belgilab olgan.
Xususan, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda fuqaro G. U. agentlikdagi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berishni va’da qilgan. U buning uchun 1000 dollar olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yana qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlangan. Xususan, G. U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. o‘zaro til biriktirib, “S.S.” MCHJga Rossiyadan yog‘och va Turkmanistondan pomidor mahsulotlarini olib kirish uchun import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 2,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Vositachilik qilgan G. U.ning ikkita bank plastik kartasiga fuqarolardan P2P shaklida jami 10,9 mlrd so‘m kelib tushgan. U bu pullarning 1,6 mlrd so‘mini to‘lovlarga yo‘naltirib, 6,1 mlrd so‘mini naqdlashtirgan va agentlikning mas’ul xodimlariga bergan. Qolgan 3,1 mlrd so‘mni esa o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 mlrd so‘m mablag‘ tahlil qilinganda, 14,9 mlrd so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali o‘tkazilgani aniqlangan. Sxema izidan borilganda, ushbu karta egalarining 174 nafari agentlik tizimi xodimlari, 34 nafari esa ularning yaqin qarindoshlari bo‘lib chiqqan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq departament Migratsiya agentligi va bandlik agentliklarining sobiq mutasaddilaridan iborat uyushgan guruhni aniqlagandi. Xususan, bir holatda gumonlanuvchilar Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy 90 mln dollar pul olgan. Hozirda 800 dan ortiq jabrlanuvchi murojaati o‘rganilmoqda.
Source: www.gazeta.uz