Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

11-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoda akvakultura rivojlanib, ilk bor sun’iy ravishda yetishtirilgan baliq hajmi tabiiy suv havzalarida ovlangan miqdordan oshib ketgan. O‘zbekiston suv resurslari cheklanganiga qaramay, Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinda turadi — 2025-yilda mamlakatda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan. Biroq aholi soni o‘sishi bilan oqsilli mahsulotlarga bo‘lgan talab ham ortmoqda.

Bugungi kunda respublikada intensiv usulda baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan oshmayapti. Vaholonki, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinsa, mahsulot hajmini 5 baravargacha oshirish mumkin. Shu bois, davlat rahbari an’anaviy ko‘l baliqchiligidan suvni tejaydigan va qayta aylantiradigan intensiv texnologiyalarga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

Taqdimotga ko‘ra, 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi, shaffof tizimi joriy etiladi. Intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklariga har yili zarur miqdorda suv yetkazib berilishi kafolatlanadi. Sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish uchun davlat tomonidan bir qator imtiyoz va subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlar evaziga kelasi yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish vazifasi qo‘yildi. Shavkat Mirziyoyev taqdimotda karp, laqqa, forel va osyotr kabi baliq turlarining naslini yaxshilash, ularni mahalliy iqlimga moslashtirish zarurligini aytdi. Kelgusi yildan boshlab tog‘oldi hududlarida forel va osyotr yetishtirish quvvatlari yaratiladi.

Xususan, Ohangaron daryosi bo‘yida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun tajriba-sinov maydoni tashkil etiladi. Milliy karp zotini yaratish uchun xorijiy grantlar jalb qilinadi. Toshkent davlat agrar universitetida Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya) va Dalyan okean universiteti (Xitoy) bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.

Tarmoqda shaffoflikni ta’minlash maqsadida suvdan foydalanish, yer maydonlari, noqonuniy ov, soliqlar va ovlangan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona elektron platforma yaratiladi. Sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xarajatlarni qisqartirish va mahsuldorlikni oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga aholi dasturxoniga arzon va sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Source: www.gazeta.uz