Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev onkologiya va gematologiya tibbiy yordami hamda palliativ xizmat tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda palliativ va xospis yordamini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. 2030-yilgacha aholini bunday yordam turlari bilan qamrab olish kamida 80% ga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shu maqsadda 1-sentabrdan boshlab respublikada tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni integratsiyalash asosida palliativ va xospis yordami ko‘rsatishning yagona tizimi yaratiladi. Palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, yo‘naltirish, hisobga olish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, uyda tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadigan mobil palliativ guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Statsionar palliativ yordam davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda xospislar tomonidan taqdim etiladi.

Aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, barcha hududlarda bosqichma-bosqich xospis muassasalari tashkil etiladi. Toshkentdagi mintaqalararo xospis uslubiy boshqaruv va hududlarda ushbu xizmatlarni tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha mas’ul muassasa etib belgilanadi.

Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanida onkologik kasalliklar tufayli palliativ va xospis yordamiga muhtoj bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan mobil palliativ guruhlar tashkil etiladi. Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis formatidagi palliativ yordam markazi ochiladi.

Elektron axborot tizimida palliativ va xospis yordamiga muhtoj sifatida hisobga olingan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi qarori bilan qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlarsiz nogironlik tayinlanadi.

Uyda parvarishga muhtoj bemorlar vaucher tizimi asosida funksional karavotlar va maxsus matraslar bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, mahalla darajasida palliativ yordam va uyda parvarish xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratish, bemorlarning oila a’zolari uchun “Oilaviy qo‘llab-quvvatlash” xizmatini joriy etish nazarda tutilgan.

Source: uznews.uz