O‘zbekistonda poytaxtni Andijon va Termiz bilan bog‘laydigan yangi tezyurar yo‘nalishlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Loyiha janubiy koreyalik Hyundai Rotem kompaniyasi bilan muzokaralar doirasida muhokama qilindi.
Uchrashuv 10 iyun kuni Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, O‘zbekiston Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev va Hyundai Rotem prezidenti Li Yon Be ishtirok etdi. Tomonlar “Toshkent – Andijon” va “Toshkent – Termiz” yo‘nalishlarida poyezdlarni ishga tushirish rejalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar davomida ushbu yo‘nalishlar uchun sakkizta zamonaviy tezyurar elektropoyezd yetkazib berish loyihasi ko‘rib chiqildi va ularni ekspluatatsiya qilishning texnik shartlari kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” tarkibini yetkazib berish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar yo‘lovchi poyezdi ishga tushirilgan bo‘lib, u Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida qatnaydi.
Source: podrobno.uz