Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar» nomli yangi bob kiritildi. Unda aholi, ayniqsa yoshlar salomatligiga tahdid soluvchi xavfli harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Giyohvandlik laboratoriyalarini tashkil etish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga homiylik qilish va uyushgan uylarni tashkil etish uchun alohida javobgarlik belgilangan. 10 dan ortiq xavfli harakatlar uchun jazolar qattiqlashtirilgan. Prezident qonunni imzoladi.

Shuningdek, «Giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda yangi tahdidlar, jumladan, an’anaviy giyohvand moddalarning sintetik vositalar bilan almashtirilishi, internet orqali kontaktsiz tarqatilishi va yashirin laboratoriyalarning paydo bo‘lishi hisobga olingan.

Loyiha davlat siyosatining 7 yo‘nalishini belgilaydi, jumladan, aholida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, internet jinoyatlariga chek qo‘yish, profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish. Giyohvand moddalar aylanishiga qarshi kurashda ishtirok etuvchi 14 davlat organining vazifalari aniq belgilangan. Moddalarning qonuniy aylanishini olib kirishdan tortib realizatsiyagacha uzluksiz elektron nazorat joriy etiladi.

Alohida e’tibor avtomashinalarni voyaga yetmaganlarga topshirish natijasida yuz beradigan yo‘l-transport hodisalariga qaratildi. Bunday qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident takliflarni ma’qullab, mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berdi.

Source: kun.uz