O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun alohida jinoiy javobgarliklar belgilandi. Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, tegishli qonun (O‘RQ-1151-son) 11-iyun kuni qabul qilindi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash yoki qayta ishlash uchun g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Bu avval alohida modda sifatida mavjud emas edi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoxud tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bu alohida jinoyat tarkibi sifatida yangi kiritilmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan qonunga xilof ravishda egallash 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Bu ham yangi norma hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 10-iyunda prezidentga qilingan taqdimotda Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo‘lim kiritilishi ma’lum qilingandi. Bu prezidentning 2025-yil 7-noyabrdagi farmonida ham belgilangandi.
Source: www.gazeta.uz