Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida, idoralararo ishchi guruhi davlat rahbariga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, taqdim etganini ma’lum qildi.
Takliflarga ko‘ra, mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi joriy etilishi mumkin. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun avtomobilni vaqtincha olib qo‘yish va hatto musodara qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Qayd etilishicha, voyaga yetmaganlarga avtomobillarni boshqarishga ruxsat berish yo‘llarda o‘lim va jarohatlanishning o‘sishiga olib kelmoqda. Aholi punktlarida poyga uyushtirish xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi. Jarimalarni chegirma bilan to‘lash imkoniyati esa qayta huquqbuzarliklarga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan besh turdagi qo‘pol yo‘l harakati qoidalari buzilishi uchun transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish ma’muriy jazo sifatida joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, bir necha turdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish; yo‘l bezoriligi uchun, agar huquqbuzar boshqaruv huquqiga ega bo‘lmasa yoki undan mahrum etilgan bo‘lsa, avtomobilni musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish; mast holda transport boshqarganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq; qo‘pol huquqbuzarlar uchun jarimalarni chegirma bilan to‘lashga bir yillik taqiq; bolalarni transport vositasini boshqarishga qo‘yib yuborganlik, sog‘likka zarar yetkazganlik yoki o‘limga sabab bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish taklif etilmoqda.
Source: kun.uz