Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postida uch kishi nostandart quyma oltin bo‘laklari va zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib o‘tishga urinayotganda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Post orqali mamlakatga kirib kelayotgan ikki ayolning yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida ulardan biri kiprik bo‘yog‘i (tush) idishi ichiga uch dona quyma oltin yashirincha joylagani aniqlandi.
Uning hamrohi esa tilla bo‘laklarini atir idishi hamda ruchka ichiga joylashtirgan holda olib o‘tishga uringan.
Shuningdek, ushbu post orqali harakatlangan yana bir fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, u zargarlik buyumlarini do‘ppisining ichiga joylab, olib o‘tmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda yashirin tarzda olib o‘tilayotgan mazkur nostandart quyma oltin bo‘laklari belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 244-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasi 300 dollar miqdorida belgilangan.
Mazkur talab zargarlik buyumlariga ham tegishli bo‘lib, bunda buyumlarning tayyor zargarlik mahsuloti bo‘lishi hamda tijorat maqsadlarini ko‘zlamagan bo‘lishi shart, deya eslatdi Bojxona qo‘mitasi.
Source: www.gazeta.uz