16-18 iyun kunlari beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo‘lib o‘tadi va u o‘tkazilgan barcha yillar ichidagi eng yirigiga aylanadi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, forumda ishtirok etish uchun 8300 dan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Unda 100 ta davlatdan 3400 dan ziyod xorijiy delegat kelishi kutilmoqda.
2026-yilgi forum mavzusi — “Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik” — ta’minot zanjirlarining parchalanishi va geoiqtisodiy turbulentlik davrida global kapitalning oldindan prognoz qilib bo‘ladigan muhitga bo‘lgan talabini aks ettiradi.
Forum dasturi barqarorlikning uchta mezoni atrofida tuzilgan: iqtisodiy barqarorlik, ekologik barqarorlik va ijtimoiy barqarorlik. Kutilayotgan ishtirokchilar orasida 37 mamlakatdan eng yirik korporatsiyalar rahbarlari bor. Umuman olganda, real sektorni 2800 ga yaqin kompaniya rahbarlari taqdim etadi.
Hukumat delegatsiyalari soni o‘tgan yilgi 26 tadan 62 tagacha ko‘paydi. Ochilish marosimida Rossiya, Albaniya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat va hukumat rahbarlari so‘zga chiqadi.
Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkilotlari va tijorat banklarining 370 dan ortiq vakillari tashrif buyurmoqda. Ular orasida — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidentlari, Yevropa investitsiya banki vitse prezidenti, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevroosiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va OPEK jamg‘armasi rahbarlari bor.
Forum dasturi 36 tadan 79 tacha tadbirgacha kengaytirildi. Ishtirokchilarni 34 ta panel munozarasi, 8 ta investitsiyaviy pitch-sessiya, 7 ta yirik ikki tomonlama biznes-forum (AQSh, Koreya Respublikasi, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va BAA bilan), davra suhbatlari va o‘nlab sayd-iventlar kutmoqda.
Energiyaga o‘tish va atom generatsiyasi, kritik minerallar va mas’uliyatli ta’minot zanjirlari, O‘rta koridor, raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt, islom moliyasi va sukuk, agrobiznes hamda oziq-ovqat xavfsizligi kabi yo‘nalishlar muhokama qilinadi.
Bunga parallel ravishda, Xorijiy investorlar kengashining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi va unda 75 ta eng yirik xalqaro kompaniya O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etadi.
Dasturda O‘zbekistonning II Investitsiyaviy salohiyati ko‘rgazmasi alohida o‘rin egallagan bo‘lib, unda geologiya, energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, elektrotexnika, IT va sun’iy intellekt tarmoqlari namoyish etiladi.
Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligining ma’lum qilishicha, forum doirasida o‘nlab milliard dollarlik investitsiyaviy bitimlar imzolanishi ustida ish olib borilmoqda.
Forumning ishchi dasturi ilk bor sport tadbirlari bilan boyitildi: ular qatoridan Silk Road Night Run (3 va 10 km masofaga tungi marafon) hamda TIIF Open (katta tennis bo‘yicha turnir) joy olgan.
Source: www.gazeta.uz