Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) tarmoqlarda tarqalgan, mamlakatning g‘arbiy hududlarida chigirtkalar tarqalgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Videoxabarlarda A-380 yo‘lining Buxorodan o‘tgan qismida “chigirtkalar to‘dasi hamma joyni egallagani” aytilgan. FVV bu holatni chigirtkalarning har yili kuzatiladigan mavsumiy ko‘chishi bilan bog‘liq, lokal tusga ega ekanligini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetmaganligini ta’kidladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hududlardagi chigirtkalar bilan bog‘liq vaziyat FVV va uning davlat quyi tizimi xizmatlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan. “Xavotirga o‘rin yo‘q”, deyiladi xabarda.

Har yili FVV, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda boshqa daxldor tashkilotlar hamkorligida hududlarda mavsum oldi va mavsum davrida kimyoviy ishlovlar olib boriladi.

Mart oyi oxirida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida zararli chigirtkalar tuxumdan chiqa boshlagani xabar qilingandi. O‘shanda kurash ishlariga 700 ga yaqin mutaxassis jalb etilgan. 2026-yil 651,8 ming gektar yerda kimyoviy ishlov o‘tkazish rejalashtirilgan.

Zararli chigirtka tarqalgan hudud haqida xabar berish uchun 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlariga murojaat qilish mumkin.

Source: www.gazeta.uz