Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda turar joy hududlari uchun shovqin me’yori kunduzi 45 detsibelni, tungi vaqtdagi hordiq uchun esa 35 dB ni tashkil etadi. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi.

U Senat tomonidan o‘sha kunning o‘zida ma’qullangan “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida senator Oral Ataniyazovaning savollariga javob berdi. Ataniyazova ushbu qonun aholi salomatligi bilan bog‘liq ekanini, shu bois fuqarolar uchun “juda muhim va zarur” hisoblanishini ta’kidladi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, shovqin ifloslanishi havo va suv ifloslanishidan keyin uchinchi xavfli ifloslanish turi hisoblanadi. Va shu JSST tomonidan oddiy shovqinlar bilan bir qatorda atrof-muhit shovqini termini qabul qilingan”, — dedi senator. Uning so‘zlariga ko‘ra, me’yordan oshib ketadigan shovqin darajasi sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazadi.

“Xususan, u uyquning buzilishiga, yurak-qon tomir kasalliklariga, gipertoniyaga, metabolik va psixofiziologik buzilishlarga olib keladi, homila salomatligiga ta’sir qiladi, kognitiv buzilishlar, demensiya, eshitish qobiliyatining yomonlashuvi va boshqa oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”, — dedi u. Senator, shuningdek, Yevropada shovqin invalidizatsiya, ya’ni nogironlikka olib keluvchi omil sifatida tan olinganini, ayniqsa, bolalar bunga nisbatan ko‘proq ta’sirchan ekanini ta’kidladi.

“Yevropa ekologiya agentligi hisobotiga ko‘ra, har yili Yevropada bolalarning o‘qish buzilishi taxminan 84 foizi holatda transport shovqini bilan bog‘liq bo‘ladi”, — dedi Oral Ataniyazova. U ushbu sohani huquqiy jihatdan tartibga solishda aniq tushuncha va atamalarni, jismoniy standartlarni — detsibellardagi minimal va maksimal qiymatlarni, shuningdek, vaqt cheklovlarini hisobga olishni taklif qildi.

“Qonunlarda aniq atama va tushunchalar bo‘lishi huquqiy aniqlikni ta’minlash, mavhumlikning oldini olish va hamma uchun yagona qoidalarni yaratish uchun juda zarur. Bundan tashqari, shovqinning aniq parametrlari ham juda muhim”, — deya ta’kidladi senator. U misol tariqasida Belarus qonunchiligini keltirib o‘tdi: “Belarusning shovqin haqidagi qonunida shunday ko‘rsatilgan: soat 19:01 dan 7:00 gacha 40 dB dan yuqori shovqin keltirib chiqaradigan har qanday harakatlar man etiladi”.

Shu bilan birga, u ko‘rib chiqilayotgan qonunda “NNT, notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ko‘rinmayotgani”ga e’tibor qaratdi. “Lekin aytilgan fikrlar qonunning ahamiyatini, zarurligini kamaytirmaydi. Qonunosti hujjatlarida ko‘rsatilgan ahamiyatli fikrlar o‘z o‘rnini topadi deb ishonaman”, — dedi u.

Senator Sanepidqo‘mita vakillaridan zararli shovqinning insonga ta’sir qilish darajasi va davomiyligi qanday aniqlanishini so‘radi. “JSST ma’lumotlariga ko‘ra, agar 94 dB hajmdagi shovqin insonga haftasiga 45 daqiqa davomida ta’sir ko‘rsatsa, u xavfli hisoblanadi. Oddiy odam bir hafta davomida buni qanday o‘lchay oladi?” — deb so‘radi u.

U, shuningdek, hududlarda shovqinni nazorat qilish uchun yetarlicha laboratoriyalar va o‘lchov uskunalari mavjud yoki yo‘qligi hamda qonun qabul qilinganidan keyin birinchi navbatda qanday amaliy choralar ko‘rilishi bilan qiziqdi. Nurmat Atabekov ushbu savolni dolzarb deb atadi va JSST ma’lumotlariga tayandi.

“Haqiqatan ham, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 95 dB darajasidagi shovqin asab tizimiga, ruhiyatga kuchli stress olib keladigan holat hisoblanib, oqibatda karlikni ham yuzaga keltirish ehtimoli e’tirof etilgan”, — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, 85 dB dan yuqori bo‘lgan shovqin ham salomatlik uchun yuqorida sanab o‘tilgan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Atabekov O‘zbekistonda sanitariya-gigiyena normalari va qoidalari amal qilishini ta’kidladi. Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutida jismoniy omillar ilmiy laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda, u yerda muntazam ravishda tadqiqotlar o‘tkazilib, ular asosida sanitariya me’yorlari belgilanadi.

“O‘zbekiston sharoitida turar joy hududlari uchun kunduzgi vaqtda 45 dB, tungi orom olish vaqti uchun esa 35 dB me’yor hisoblanadi”, — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda institutda megapolis sharoitida shovqin manbalarini kompleks gigiyenik baholash va aholini uning salbiy ta’siridan himoya qilish bo‘yicha ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.

“Shovqin darajasi suhbat jarayonining intensivligi, transport vositalari harakati serqatnovligi, qurilish jarayonlari, shuningdek, hatto aeroportlarda samolyotlarning havoga ko‘tarilishi va qo‘nishi paytida yuzaga keladigan shovqinlardan kelib chiqib belgilanadi”, — dedi Sanepidqo‘mita vakili.

U sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi. “Adliya vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda shovqinning salbiy ta’siri uchun kompensatsiya undirish masalalari bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlab qo‘yganmiz. Bu tadbirlarning barchasi davom ettirilmoqda”, — deb bayonot berdi Nurmat Atabekov.

O‘lchov uskunalari haqidagi savolga javob berar ekan, u Sanepidqo‘mitaning har bir hududiy boshqarmasida jismoniy omillar laboratoriyalari mavjudligini ma’lum qildi. “U yerda shovqin darajasini o‘lchash imkonini beruvchi uskunalar bor”, — dedi u. Atabekov, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki loyihalari doirasida Sanepidqo‘mita tizimidagi muassasalarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

“Ushbu loyihalar doirasida zarur asbob-uskunalar va zamonaviy o‘lchov jihozlari ham yetkazib berilishini kutmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u. Qo‘mita vakilining so‘zlariga ko‘ra, idora vaziyatni nafaqat fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha, balki tizimli ravishda baholab borishni maqsad qilgan.

“Biz zimmamizga yuklatilgan vazifalarni nafaqat fuqarolarning murojaatlari asosida, balki tizimli ravishda bajarishni — ushbu sohada baholash ishlarini olib borish, me’yorlarni belgilash va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz”, — dedi Nurmat Atabekov.

Shu bilan birga, senatorning oddiy odam zararli shovqin darajasi va davomiyligini qanday qilib mustaqil ravishda yoki vakolatli organlar orqali qayd etishi mumkinligi haqidagi savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berilmadi.

“Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda aholini himoya qilishning umumiy qoidalari, davlat organlarining vakolatlari, shovqin ta’siri me’yorlari, fuqarolarning osoyishtaligi va normal hordiq chiqarishini buzadigan harakatlar ro‘yxati, shuningdek, bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt davrlari ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.

Source: www.gazeta.uz