Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi prezident qarori loyihasini jamoat muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab 30 va undan ko‘p yil oldin ishlab chiqarilgan avtomobillar egalari har yili 30 BHV (12 360 000 so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Hujjat atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish, shuningdek eski avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularning ehtiyot qismlarini qayta ishlash samarali tizimini yaratishga qaratilgan.
Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi: 2026-yildan — yengil avtomobillar (M1 toifasi) uchun; 2027-yildan — mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk mashinalari (M2, M3, N1, N2, N3 toifalari) uchun; 2030-yildan — barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari uchun.
Bundan tashqari, “zararli” ekologik toifalarga kiritilgan transport vositalaridan foydalanish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi taklif qilinmoqda (antiqa avtomobillar bundan mustasno). Bunday avtomobillar davlat hisobidan chiqariladi.
Loyiha muhokamasi 28-iyungacha davom etadi.
Source: kun.uz