Mart oyida Toshkentda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan “O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda islom dini qadriyatlarining o‘rni” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Misrning Al-Azhar universiteti professorlari, O‘zbekistondagi imom va otinoyilar, mahalla vakillari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi olimlari ishtirok etdi.
Seminarning ikkinchi qismi erta turmush va turmush mavzulariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar tomonidan islomshunos olimlarga yo‘llangan savollar muhokamalarni jonlantirdi: shariatda ayollarni erkak shifokorga ko‘rinishdan to‘sish mumkinmi? Er-xotin ajrashsayu, erkak xotiniga taloq bermasa, bu masala Al-Azhar tajribasida qanday hal qilinadi? Ota-onalar qizlarini turmushga majburlashga haqlimi?
Al-Azhar huzuridagi Aholishunoslik va tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro islom markazi direktori, akusherlik va ginekologiya professori Gamal Serur erta turmushning tibbiy xavflarini batafsil tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST va UNICEF 18 yoshdan oldingi nikohni erta nikoh sifatida belgilaydi. Dunyo miqyosida har yili taxminan 12 million qiz 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 3-4 foizni tashkil qiladi (1997-yilda 17 foiz edi).
Professor Serur erta homiladorlikning oqibatlarini sanab o‘tdi: bachadon homilani ko‘tarib yurishga tayyor emasligi sababli bola tushishi, muddatidan oldin tug‘uruq, onaning qon bosimi ko‘tarilishi, qon plazmasi yetishmasligi natijasida bola kam vazn, o‘pka yetishmasligi, asab kasalliklari bilan tug‘ilishi mumkin. 18 yoshdan kichik onalardan tug‘ilgan bolalarning o‘limi yoshi katta onalarnikiga qaraganda besh baravar ko‘p.
Aholishunoslik va tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro islom markazi biologiya professori Mervat Mahmud erta nikohdan keyin homilador bo‘lgan qizlarning 50 foizi dastlabki davrlarda homilador bo‘lishini ta’kidladi. Homiladorlik jarayoni og‘ir kechadi, kalsiy va boshqa moddalar yetishmasligi natijasida qayt qilish kuzatiladi. Tug‘uruq jarayoni sekin va qiyin o‘tadi, natijada tanosil organlari kasallanishi, peshob ushlolmaslik holatlari paydo bo‘ladi. Bu ruhiy bosim ta’sirida o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin.
Professor Serur onalar o‘limi statistikasini keltirdi: 2023-yilda dunyo bo‘yicha har kuni 700 dan ortiq ayol homiladorlik va tug‘ruqqa bog‘liq sabablardan vafot etgan. O‘zbekistonda 2020-yilda onalar o‘limi ko‘rsatkichi har 100 000 tirik tug‘ilishga 30,2 ta o‘limni tashkil etgan, 2025-yilda esa 14,8 ga tushgan.
Erta turmushning ijtimoiy-iqtisodiy xatarlari ham muhokama qilindi. Professor Serur erta nikohda qiz mehrga muhtoj bo‘lib turmush qurishi, kelajakda bolalariga ham mehrni yetkazib berishda qiynalishi, maktabdan qolishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topolmasligi mumkinligini aytdi. “Erkaklar ham bu muammoning bir qismi, shunday ekan, ular ham yechimga hissa qo‘shishlari lozim”, dedi u.
Al-Azhar universiteti sobiq prezidenti, professor Ibrahim Elhodhod shariatda turmushga chiqish yoshi belgilanmaganini, ammo hanafiylikda balog‘at yoshi va rushd (hidoyat) yoshi tushunchalari borligini tushuntirdi. Aqlan, jismonan, ruhan va fikran voyaga yetishning boshlang‘ich davri 18 yosh etib belgilangan. Al-Azharning fatvosi ham tibbiy va shar’iy me’yorlarga asoslangan.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Nigora Yusupova jamiyatda “Imkon qadar erta turmush quringlar” hadisining noto‘g‘ri talqin qilinishiga to‘xtaldi. Uning aytishicha, hadisdagi “boat” so‘zi jismonan, ruhan va ma’nan oila qurishga qudrati yetishni anglatadi. Agar inson ma’nan va ruhan tayyor bo‘lmasa, oila qurish farz bo‘lmaydi.
Al-Azhar islomiy tadqiqot kompleksi kengashi a’zosi, professor Abdullah Elnagar nikoh o‘zaro tenglik, rozilik va erkinlik asosida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Voyaga yetmaganlar bilan turmush qurishda Alloh taoloning irodasi sodir bo‘lmaydi. U, shuningdek, erta nikohni qo‘llab-quvvatlovchilarning Payg‘ambar alayhissalomning Oysha roziyallohu anho bilan nikohiga havola qilishiga javob berib, bu faqat Payg‘ambarga xos masala ekanligini aytdi.
Seminarda imomlardan biri taloq masalasini ko‘tardi: migratsiyaga ketgan erlar 10-15 yil xabarsiz bo‘lib, ayolga taloq bermaydi. Professor Elhodhod Misr tajribasida ayol qozi (sud)ga murojaat qilib, nikohni bekor qilishi mumkinligini aytdi. Bu “zarar talog‘i” deb ataladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar erta turmushning oldini olishda diniy va tibbiy yondashuvlarning uyg‘unligi muhimligini ta’kidladilar. UNFPA vakili Nigina Abaszade tadbirni yuqori baholadi.
Source: www.gazeta.uz