Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shanba kuni Toshkentning Bektemir tumanida poytaxtdagi yirik shaharsozlik loyihalaridan biri — Daryo bo‘yi business city konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Loyiha Chirchiq daryosining 24 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni kompleks rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Qirg‘oqbo‘yi hududini ikki tomonlama obodonlashtirish, turar joy va ishbilarmonlik mavzelari qurish, jamoat joylari, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.

“Loyiha poytaxt taraqqiyoti odamlarga xizmat qilishiga: yashash, dam olish, ishlash, sayr qilish va oilaviy hordiq chiqarish uchun qulay maskanlar barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasi, turizm, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan”, — deyiladi bayonotda.

“Daryo bo‘yi business city qirg‘oqbo‘yi hududlarining salohiyatini yangicha ochib berish, shahar muhitini kengaytirish, yangi turar joy va ishbilarmonlik hududlarini mavjud infratuzilma bilan bog‘lash hamda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qo‘shimcha jozibador maskanlar yaratish imkonini beradi”, — deya qayd etdi hokimlik.

Tadbirda Prezident administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunbayev, Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov, tumanlar hokimlari, poytaxtdagi tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, loyihalash va pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Loyihaviy yechimlar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, aholi qulayligi, xavfsizlik, ekologik barqarorlik va loyihaning iqtisodiy samaradorligini hisobga olgan holda konsepsiyani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi, deya bildirdi hokimlik.

Eslatib o‘tamiz, loyihani amalga oshirish rejalari prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-may kuni Sergeli va Zangiota tumanlariga tashrifidan so‘ng ma’qullangan edi. O‘shanda daryoning Bektemir va Sergeli tumanlaridan o‘tuvchi 16 km uzunlikdagi qismini 65−80 metrgacha toraytirish taklif etilayotgani xabar qilingandi. Hosil bo‘lgan hududda (400 gektar ekani aytilgan) ushbu loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘sha yilning o‘zida loyihani amalga oshirish bo‘yicha direksiya tashkil etildi. 2021-yilning may oyida loyiha prezidentga taqdim etilgan va uni amalga oshirishga ikki yil vaqt ketishi ma’lum qilingan.

Yangi konsepsiya loyiha uzunligini Yashnobod tumanini ham qamrab olgan holda 24 km gacha uzaytirishni nazarda tutadi.

“Bugungi kunda [Chirchiq daryosida] suv sathi avvalgi ko‘rsatkichlardan past. Daryo qirg‘oqlari juda uzun, ammo, afsuski, inson aralashuvi tufayli hozir ular achinarli ahvolda. Atrofdagi hudud karerga aylanib qolgani, bu yerda texnikalar ko‘pligi ko‘rinib turibdi. Bu ekologiyaga juda katta zarar, chunki bu yerdan tabiiy boyliklar — yer, shag‘al olib chiqib ketilmoqda”, deya qayd etgandi 2020-yilda Business city direksiyasi.

Qonunchilikka muvofiq, daryo o‘zanlarini o‘zgartirish, ulardan foydali qazilmalarni qazib olish va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi boshqa ishlarni olib borishga faqat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi, geologiya va mineral resurslar organlarining ruxsatnomasi olingandan keyingina yo‘l qo‘yiladi.

Hokimlik tomonidan taqdim etilgan slaydlarda loyiha quyidagi qismlarga bo‘linishi mumkinligi ko‘ringan: River City, Lake City, Villa City va Tech City. Uning umumiy qiymati 1,4 trillion so‘mdan ortiq deb baholangan edi, biroq uzunlikning ortishi munosabati bilan bu raqam yanada o‘sishi mumkin.

Quyida hokimlik videoroligidan olingan taqdimot slaydlari keltirilgan.

Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l tashkil etish loyihasi alohida muhokama qilingan.

Source: www.gazeta.uz