Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Tabriknomada Si Szinping Xitoy va Xitoy Kommunistik partiyasining taniqli siyosiy arbobi sifatida, vatani va xalqiga cheksiz muhabbat, yuksak mas’uliyat hissi va strategik tafakkur bilan mamlakatni yangi cho‘qqilarga olib chiqayotgani ta’kidlangan.

“Sizning dono rahbarligingiz ostida Xitoyning modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, buyuk tiklanish va millat yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakat tarixida yorqin sahifa ochmoqda”, deyiladi murojaatda.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining yuqori dinamikasiga alohida e’tibor qaratilgan. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va har qanday ob-havoda to‘liq strategik sheriklik munosabatlari yildan yilga mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Yangi O‘zbekistonda olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda Xitoy Xalq Respublikasi va shaxsan Sizning doimiy ko‘mak va qo‘llab-quvvatlashingizni chuqur his qilmoqdamiz”, deyiladi xatda.

O‘tgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p bosqichli hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida muhim amaliy natijalarga erishilgani ta’kidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan barcha kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishi bilan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirgan.

Davlat rahbari Si Szinpingga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlat faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.

Source: kun.uz