Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Albaniya Prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida 16-17-iyun kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham ko‘rib chiqiladi. Xalqaro kun tartibidagi masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Tashrif dasturi doirasida Albaniya Prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi. Mazkur tadbir o‘tkazilgan yillar davomidagi eng yirigiga aylanishi kutilmoqda. 2026-yilgi mavzu — “Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik”. Unda 100 dan ortiq davlatdan 3400 dan ortiq xorijiy delegatlar ishtirok etadi.
Avvalroq Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Osiyo mamlakatlariga safari doirasida 17-18-iyun kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi xabar qilingandi.
Source: www.gazeta.uz