Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida 2027-yilda inflyatsiyaning 5 foizlik target ko‘rsatkichgacha pasayishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan keskin risklarni ko‘rmayotganini ma’lum qildi.
Senator Ikromxon Najmiddinov MBning bir necha yildan beri inflyatsiyani 5 foizgacha pasaytirish maqsadini e’lon qilib kelayotgani, biroq 2025-yil yakunlariga ko‘ra u hali ham maqsadli ko‘rsatkichdan yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi. U inflyatsiya darajasi fuqarolarning turmush farovonligi hamda kredit va jamg‘armalar qiymatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillardan biri ekanini qayd etdi.
Senator MB hisobotida inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga 2027-yilda erishilishi prognoz qilinayotganini eslatib o‘tdi va MBning bu muddatga ishonchi qanchalik mustahkamligi, shuningdek, prognozlarni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatar va omillar mavjudligi haqida so‘radi.
Timur Ishmetov so‘nggi yillarda MB inflyatsiyaning maqsadli darajasiga erishish muddati bir necha bor kechiktirilganini tan oldi. U inflyatsiyaga monetar, nomonetar, ichki va tashqi omillar ta’sir etishini, barcha omillarni inobatga olgan holda prognoz qilishlarini, lekin yil davomida ichki yoki tashqi omillar o‘zgarishi prognozlarga ta’sir qilishini aytdi.
Regulyator rahbari o‘tgan yillarda energiya tariflarining bosqichma-bosqich liberallashtirilgani va ularning tadbiq etilish muddatlari cho‘zilgani ham inflyatsiya prognozlariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy ichki omillar sifatida iqtisodiyotda yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori saqlanib qolishi va fiskal xarajatlarning rejadan ortiq oshirilishini sanab o‘tdi.
Ishmetovning ma’lum qilishicha, may oyi yakuniga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi 5,5 foizgacha pasaydi (o‘tgan yilgi yuqori baza hisobiga, 2025-yilning may oyida narxlar o‘rtacha 8,7 foizga oshgan edi). Shu sababli keyingi yilda targetga erishish bo‘yicha keskin risklarni ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda, bir qator ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda. Ichki omillarga yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori saqlanib qolishi ehtimolini qayd etdi. Agar hukumat davlat xarajatlarini rejadan ortiq oshirsa, iqtisodiyotda pul ko‘payadi, bu esa narxlarga bosim o‘tkazadi.
Tashqi xatarlarga geosiyosiy keskinliklar, import narxlari, ayniqsa, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlari o‘sishi, shuningdek, logistika xarajatlari kiradi. Ishmetov bu omillarning barchasi hozirgi prognozlarda inobatga olinganini, ammo ular o‘zgarishi prognozlarni o‘zgartirishi mumkinligini aytdi.
MB rahbari regulyatorning asosiy e’tibori o‘rta muddatda inflyatsiyani 5 foiz darajasida jilovlashga qaratilganini ma’lum qildi. Bu barqaror narxlar, biznes uchun aniq va prognoz qilinadigan iqtisodiy sharoitlar, shuningdek, aholi daromadlarining xarid qobiliyatini saqlab qolish demakdir.
Eslatib o‘tamiz, MB inflyatsion targetlashga o‘tishni 2020-yildan boshlagan. O‘shanda 2023-yilga kelib 5 foizga erishish maqsadi belgilangan edi. Keyinchalik muddat bir necha bor surildi: 2024-yil oxiriga, 2025-yil ikkinchi yarmiga, 2026-yil ikkinchi yarmiga va nihoyat 2027-yil oxiriga. MB inflyatsiya bo‘yicha 5 foizlik maqsadga 2027-yil oxiriga kelib erishilishini kutmoqda.
Monetar omillar MB nazorati ostidagi vositalar: asosiy stavka, ochiq bozordagi operatsiyalar, majburiy zaxira me’yorlari. Nomonetar omillar esa MB to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilmaydigan tarkibiy shart-sharoitlar: monopollashuv, raqobatning past darajasi, subsidiyalar, import cheklovlari. MB raisi Timur Ishmetov ta’kidlaganidek, butun siyosatning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan aynan shu islohotlar samaradorligiga bog‘liq.
Source: www.gazeta.uz