Namangan viloyatida ta'lim tizimida korrupsiya faktlari aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i 10 ming dollar talab qilgan.
Ushbu amaldor Turaqo‘rg‘on tumani fuqarosini Namangan shahridagi umumta’lim maktabiga direktor qilib ishga joylashtirish evaziga pora so‘ragan. U o‘z xizmat xonasida 8,5 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu mansabdor shaxs 2011-yilda firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, xizmatda soxtalik va pora olish jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lgan.
Yana bir holatda, Namangan shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasi xodimi tadbirkordan 2 ming dollar olayotganda ushlangan. Tadbirkor davlat-xususiy sheriklik asosida ikkita xususiy bog‘cha tashkil qilmoqchi bo‘lgan.
Ushbu pul evaziga xodim Davlatobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi orqali tegishli shartnomalarni kelishib berishni va’da qilgan. Tezkor tadbir davomida Davlatobod tumani bo‘limi bosh mutaxassisi ham pul olayotganda qo‘lga olingan.
Ikkala holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz