Toshkent shahar hokimligi futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi uchrashuvlarini poytaxtning barcha tumanlarida o‘rnatiladigan katta ekranlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etishni ma’lum qildi.
Maxsus tomosha maydonlari ro‘yxati e’lon qilindi. Eng yirik maydon “Bunyodkor” stadioni hududida tashkil etiladi. Bu yerda 10 ming nafar muxlis birgalikda milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi ilk o‘yini Toshkent vaqti bilan 18-iyun kuni soat 07:00 da boshlanadi. Portugaliyaga qarshi o‘yin 23-iyun soat 22:00 da, Kongo DR bilan uchrashuv esa 28-iyun soat 04:30 da rejalashtirilgan.
Hokimlik muxlislarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, barcha tomosha maydonlarida tartib va xavfsizlik ta’minlanishini bildirdi.
Source: www.gazeta.uz