Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va birlamchi ommaviy joylashtirishga (IPO) tayyorlashni jadallashtirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda mamlakatda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni isloh qilish, korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim qadam Milliy investitsiya fondini tashkil etish va uni boshqarishga “Franklin Templeton” kompaniyasini jalb qilish bo‘ldi.
Matbuot xizmatining eslatishicha, o‘tgan oy Milliy investitsiya fondi xalqaro bozorda birinchi marta 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu bilan O‘zbekistonning global kapital bozori qoidalari bo‘yicha ishlashga tayyorligi haqida muhim signal berildi. Joylashtirish jarayonida talab taklifdan 4 barobar oshib, yirik investorlar tomonidan deyarli 3 milliard dollarlik arizalar kelib tushdi.
“Endi fond portfelidagi 13 ta yirik kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish va ularni IPOga tayyorlash vazifasi turibdi. Xususan, joriy yilda ‘Uzbekistan Airways’, ‘O‘zsanoatqurilishbank’, ‘O‘zbekgidroenergo’, ‘O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari’ va ‘O‘zbektelekom’ kabi kompaniyalar bo‘yicha ishlarni yakunlash rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Ushbu jarayonlarni tashkil etish masalalari “Uzbekistan Airways” AJ misolida taqdimot davomida ko‘rib chiqildi. “Franklin Templeton” kompaniyasi vakillari milliy aviakompaniya faoliyatini diagnostika qilib, 115 ta tadbirni o‘z ichiga olgan transformatsiya dasturini ishlab chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dastur to‘liq amalga oshirilganda kompaniyaning operatsion foydasini yiliga 120 million dollarga oshirish imkoniyati mavjud.
Xususan, yo‘nalishlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlar va mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, reyslar orasidagi intervallarni qisqartirish, reyslarni bekor qilish va kechiktirish holatlarini kamaytirish, aksiyadorlik jamiyati tizimidagi ovqatlantirish va texnik xizmat ko‘rsatish kabi korxonalar samaradorligini oshirish, shuningdek, bozor vaziyatiga tezkor moslashish va malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobiga qo‘shimcha daromad olish mumkinligi ta’kidlandi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida aviakompaniyaning bozor qiymati 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshishi mumkin. Shu bilan birga, dastur bir necha oy oldin ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, uni amalga oshirish sur’atlari pastligicha qolayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari kompaniyani xalqaro kapital bozoriga tayyorlash uchun, avvalo, boshqaruv sifatini tubdan oshirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, xalqaro standartlar bo‘yicha hisobot yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.
Yil oxirigacha milliy aviakompaniya aksiyalarining 15-20 foizini xalqaro IPO orqali joylashtirish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, uning investitsion jozibadorligini oshirish, balansdan ixtisoslashtirilgan havo kemalarini hisobdan chiqarish, davlat buyurtmasi doirasida bajarilgan xizmatlar uchun kompensatsiya mexanizmini joriy etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Taqdimotda turizm sohasidagi yuqori o‘sish sur’atlari ham aviakompaniya oldiga yangi talablar qo‘yayotgani qayd etildi. Yil boshidan buyon mamlakatga turistlar oqimi 27,5 foizga oshib, qariyb 5,5 million kishiga yetdi. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQShdan kelgan turistlar soni sezilarli darajada oshdi.
Shu bilan birga, milliy aviakompaniya bu o‘sishga tez moslasha olmayotgani ta’kidlandi. Havo kemalari parkini kengaytirish jarayonida kechikishlar kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartibda tashkil etish, havo kemalari parkini kengaytirish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishni ta’minlash, shuningdek, ushbu jarayonlarda xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Prezident Toshkentni Markaziy Osiyoning eng yirik aviatsiya habiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Buning uchun “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va “Yangi Toshkent” aeroporti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, infratuzilma, yo‘nalishlar va tranzit tarmog‘ini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish zarur.
Mas’ul shaxslarga Milliy investitsiya fondi portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilishni tizimli tashkil etish uchun alohida loyiha ofisini yaratish, kompaniyalar boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozori talablarini chuqur biladigan va amaliy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, har bir kompaniya bo‘yicha IPOga tayyorgarlikning aniq jadvalini ishlab chiqish va uning bajarilishini qattiq nazorat qilish topshirildi.
Source: kun.uz